Àâãóñò âàõèìàëàðè

Øåðçîä Êîìèë Õàëèë
 Gabriel Garsia Markes

Avgust qo'rquvlari

Biz tushdan avval Aressoga yetib keldik va venesuellalik yozuvchi Migel Otero Silva toskan vodiysidagi osoyish go‘sha o‘laroq bir vaqtlar sotib olgan uyg‘onish davri yodgorligi bo‘lgan qal’asini qidirib ikki soatdan oshiq vaqt yo‘qotdik. Avgust boshidagi issiq va shovqinli yakshanba edi, garchi ko‘chalar sayyohlar bilan tiqilinch bo‘lsada, hech bo‘lmaganda nimanidir biladigan bitta odamni topish osonmasdi. Ko‘plab muvaffaqqiyatsiz urinishlardan so‘ng biz mashinaga qaytdik, ikala tarafida sarvlar qad rostlagan shahar yo‘li yoqalab borarkanmiz, biror yo‘l belgilari ko‘rinmaydigan ovloq dalalar taraf ketayotganimizni bildik, shu oraliqda g‘ozlarni o‘tlatib yurgan kampir bizga qal’ani qayerdaligini banogoh aniq ko‘rsatib berdi. Xayrlashayotganimizda u bizdan: - U yerga tunash uchun ketayapsizlarmi? - deb so‘radi. 
Biz u yerda faqat tushlik uchun borayotganimizni aytdik.
- Yaxshi, - dedi u. - O‘sha sharpali uyda tunamaganlaringiz ma’qul.
Xotinim ikkimiz kuppa-kunduz kuni arvohlar haqidagi uydirmaga ishonmaganimiz uchun kampirning xurofatlariga kuldik. Biroq to‘qqiz va yetti yoshli o‘g‘illarimiz arvohlar bilan uchrashish fikridan rosa xursand bo‘lishdi.
  Migel Otero Silva, yaxshi yozuvchi, ayni paytda u o‘zining ajoyib amfitrioni bo‘lgan murakkab makondagi mehmonxonasida bizni unutilmas mehmonnavozlik uchun kutib turardi. Kechikayotganimiz sababli, tushlik vaqtidan oldin qal’ani binoyidek ko‘rib chiqishga vaqt qolmagandi. Bir qarashda bu yerda qo‘rquvga arzigulik hech narsa sezilmasdi. Har qanday tashvishni aritadigan gullar bilan o‘ralgan terassa juda bejirim edi ba’ayni, biz shu yerda ovqatlandik. Bu yerdan butun shaharni tamosha qilish mumkin edi. Uylar qiyalik bo‘ylab ko‘tarilgan, to‘qson mingga ham yetmaydigan aholiga ega bu yonbag‘irlarda juda ko‘p odamlar tug‘ilib yashab o‘tgan, ammo asrlar davomida omon qolgan qandaydir arvohni bu yerdagilarga ko‘rinish berishiga ishonish qiyin edi. Biroq Migel Otero Silva, sof Karib dengizi odamlariga xos hazillaridan so‘ng, Aressodagi o‘sha mashhur arvoh haqida gapni burdi. 
- Lyudovik bu yerdagi eng buyuk kishi, - deya xulosa qildi u.
Ismi xuddi shunday, familiyasini hech kim bilmaydi: u bu qal’ani o‘z baxtsizligi uchun qurgan. Migel Otero Silva Lyudovikni san’at va harbiy ishlarning buyuk ustasi deb atadi. Uning bizgacha yetib kelgan buyuk kuchi, baxtsiz sevgisi va dahshatli o‘limi haqida aytib berdi. U qanday qilib bir lahzada aqldan ozganini, biroz muddat oldin to‘shakda birga yotgan sevgilisini kutilmaganda unga xanjar sanchganini, so‘ngra qurbonga  qarshi maxsus tayyorlangan urushqoq itlarni uning ustiga qo‘yib yuborilgani va ular uni bo‘laklarga parchinlab tashlaganini aytib berdi. Shundan beri qoq yarim tunda Lyudovik arvohi qal’a ichidagi zulmat uzra tentirab, sevgilisidan chekkan iztiroblardan tinchlanishni istaydi, deb jiddiy ishontirdi.
   Qal’a haqiqatan ham ulkan va ayni damda mungli ko‘rinardi. Shunga qaramay kunning oq nurlari porlab turganda, yuragi osoyishga to‘la lekin qorni och mehmonlarga Migelning bu hikoyasi uning ko‘plab hazillari singari ko‘ngilxushlik uchun aytilayotgan gaplar singari tuyuldi. Chorbog‘ni aylanganimizdan so‘ng, qal’aning sakson ikkita xonalarini bir-bir ko‘zdan kechirarkanmiz biz hech narsaga ajablanmadik, bil’aks, qal’aning turli vaqtdagi turli egalari turli xil o‘zgartirishlar kiritgani tabiiy hol edi. Migel pastki qavatlarni to‘liq ta’mirlatgan edi, u yerda marmar polli zamonaviy yotoqxona, sauna, sport zal va biz o‘tirganimiz gullar bilan bezatilgan terassa bor edi. Ammo asrlar davomida taqdirning irodasi bilan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan ikkinchi qavatda turli davrlarning mebellari bilan bezalgan yuzsiz xonalarning qator turkumlari bor edi. Darvoqe, yuqorigi qavada bitta xonaga umuman teginilmagan edi, vaqt go‘yo u yerdan o‘tishni unutgandi. Bu Lyudovikning yotoqxonasi edi.
   Bu o‘sha sirli va sehrli onlarni boshdan kechirgan xona edi. Zarafshon naqshli soyabon bilan to‘shak, o‘ldirilgan odamning qurib, qotib qolgan qon dog‘lari ketkizilib biroz oro berilganda bu xona juda ajoyib ko‘rinardi. U yerda kuli allaqachonlar sovigan kamin, zarar yetkazilgan shkaf bor edi, moybuyoqda portreti ishlangan - oltin ramkadagi jur’atsiz risar - o‘z vaqtida omon qolish nasib etmagan florensiyalik rassom tomonidan chizilgandi. Ammo bulardan ham ko‘ra, meni yotoqxonaning havosida tushunarsiz va shu bilan birga turg‘un bo‘lgan yangi qulupnay hidi ko‘proq hayratga soldi.
   Toskanada yoz kunlari hech yerga shoshmaydi, ufq kechqurun to‘qqizgacha saqlanib qoladi. Qal’ani aylanib chiqqunimizcha allaqachon besh soat o‘tganligini ilg‘adik, lekin Migel kechki ovqat tayyor bo‘lguncha kofe ichib muqaddas Fransisk cherkovining freskalarini chizgan Pyetradella Francheskning gips devorlarda ishlangan suratlarini tomosha qilishga taklif qildi. Shunday qilib biz kechki ovqatga ham qoladigan bo‘ldik.
  Ko‘kda ilk yulduz ko‘ringan vaqti ochiq osmon ostida ovqatlanib o‘tirganimizda bolalar oshxonadagi mash’alani yoqib qorong‘u yuqori qavatlarni o‘rganish uchun yo‘l oldilar. Stolda o‘tirarkanmiz, biz ularning zinapoyalardan chopog‘on otlar kabi chopqillab chiqayotganini, g‘ira-shirada eshiklarni ochib-yopayotganini va Lyudovikni chaqirayotganini eshitdik. Bu kechada ularning boshida bizga xush bo‘lmagan g‘oyalar g‘ujg‘on o‘ynardi. Migel Otero Silva ularni quvonch bilan qo‘llab-quvvatlardi, mezbonning hurmati buni rad etishga bizning yuragimiz betlamasdi.
   Mening qo‘rquvlarimni hisobga olmasa, umuman biz yaxshi uxladik, xotinim bilan men pastki qavatdagi yotoqxonada, bolalar esa narigi xonada edi. Men uxlab yotganimizda yashash xonasidagi soat mayatnigining o‘n ikkita zarbini sanadim va g‘oz boquvchi kampirning qo‘rqinchli ogohlantirishini esladim. Qolgani yodimda yo‘q, chunki biz shu qadar charchagan edikki, ertalabgacha dong qotib uxlab qolibmiz, shunchalik qattiq uxlagandikki, tirqishdan kirib kelgan quyosh nurlari ko‘zlarimni qamashtirganda soat sakkizni ko‘rsatardi. Yaqinimda uxlab yotgan xotinim hali hamon oromijon uyquning sohir dengizida suzardi. "Qanday bema’nilik, - deb o‘yladim men, - bizning davrimizda arvohlarning borligiga kim ishonadi?" Va shundan keyin men dimog‘imga urilgan yangi qulupnay hididan vujudimni titroq bosdi, sovigan kul yuqi bo‘lgan kaminni, toshga aylangan dastgohni va uch asr davomida zarhal ramkadan bizga g‘amgin qarab turadigan risar portretini ko‘rdim. Biz kecha kechqurun uxlab qolgan birinchi qavatdagi xonada emas, bil’aks Lyudovik yotoqxonasida changli soyabon ostidagi uning la’nati karavotining issiq qon bilan namlangan choyshablari uzra yotardik.
1980
Rus tilidan Sherzod Komil Xalil tajimasi