Òðàìîíòàíà

Øåðçîä Êîìèë Õàëèë
       Gabriel Garsia Markes
Tramontana
(hikoya)
       Men uni o‘shanda dahshatli o‘limidan bir necha soat oldin zamonaviy barselonacha sahna - "Bokachchio" kabaretida ko‘rgandim. Uni yosh shvedlar to‘dasi o‘rab olgandi, ular uni o‘zlari bilan birga Kadakeshga sayrga olib bormoqchi bo‘lgan. Taxminan o‘n bir kishi edi ular, qaysi biri yigit, qaysi biri qiz aniqlay olish mushkul: negaki hammasi deyarli bir xil fasonda kiyingan va xuddi shunday soch turmaklari ham bir xil kalta edi. U yigirma yoshda edi, endi esa u bu dunyoda yo‘q. Qora jingalak sochli, rangi siniqqan, onalari soyada yurishni o‘rgatgan Karib dengizi bolalari kabi biroz ramaqijon bu tug‘ma kuychining arabona ko‘zlari o‘ti shvedlarni aqldan ozdirgan bo‘lsa ehtimol. U zamonaviy qo‘shiqlarni kuylaganda ular go‘yo murvatli qo‘g‘irchoqni tamosha qilishayotgandek peshtaxta atrofida g‘uj bo‘lib o‘tirdilar, o‘zlari ham kuylashdi, qo‘llari bilan musiqiy cholg‘uga taqlidan allanimalarni chaldilar va axiyri uni o‘zlari bilan borishga ko‘ndirishga urindi. U qo‘rqib ularga nima uchun borolmasligini tushuntira boshladi. Shu orada kimdir aralashib uni o‘z holiga qo‘yishlarini so‘radi. Shvedlardan biri kulib, uning qutqaruvchisiga o‘girildi.
- U bizniki, - deya baqirdi u. - Unga o‘xshaganlarni yuvindixonadan yuztasini topishimiz mumkin.
Men do‘stlarim bilan David Oystraxning Palau de la Musikada bergan oxirgi konsertidan so‘ng kabaretga kelganimda, bu yerdagi vaziyatdan g‘azablandim:
- Bu qanaqa xudosiz shvedlar bo‘ldi-ya?!
Negaki u ular bilan borolmasdi. Sababi u kelasi yozga qadar zamonaviy pab klub bilan shartnoma imzolagan va shu yerda Antil orollari qo‘shiqlarini kuylashga kabaret xo‘jayinlari bilan kelishgandi. Kadakeshga tramontana shamollari boshlanish oldi ketish o‘lim bilan o‘ynashishday gap, u bu haqda bilardi, ammo tramontana shamollari hali esadimi-yo‘qmi Karib havzasining yozgi jaziramalaridan kelgan va katalon vinolari qalbida jasurlik hislarini to‘lqinlatgan yigit shimollik aqllilarning bu kabi vahimalarini sira tushunolmasdi.
  Boshqalar uning ko‘ngil tubidagi bu hislarini ilg‘amasada, albatta men uni tushunardim. Darhaqiqat, Kadakesh - Kosta-Bravadagi eng go‘zal shaharlardan biri bo‘lib, u hozirgi qadar juda yaxshi saqlangan. Unga kirish yo‘li xuddi tubsizlikka kirib ketayotgandek tor yo‘l bo‘ylab eniladigan tiqilinch dahmazalikdan iborat bo‘lib, siz uni soatiga ellik kilometrdan tezroq bosib o‘tishingiz uchun kuchli asab tolalariga ega bo‘lishingiz kerak. O‘rta yer dengizi baliqchilarining bu qishloqlari bir xil an’anaviy oq rangdagi pastak uylardan iborat edi. Endi-endi qurilayotgan yangi uylar ham taniqli me’morlar tomonidan mahalliy uyg‘unlikka moslab barpo etilgan. Yozda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ularning qarama-qarshi tomonida bo‘lgan Afrika cho‘llaridan issiq havo oqimi kirib kelganida Kadakeshda bamisoli Bobil pandemiyasi qo‘padi: Yevropaning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar uchun shu uch oy davomida bu yer falokat ma’rakasiga aylanadi. Mahalliy aholiga bu yerning sharoiti ma’lum, ammo boshqalar bu yerdan uy sotib olgan taqdirda ham tramontana davrida omon qolish uchun biroz omadli bo‘lish ham talab qilinadi. Shunga qaramay bahor va kuzda Kadakesh juda ajoyib ko‘rinadi, biroq ba’zi yozuvchilarning fikriga ko‘ra, mahalliy aholi materikdan keladigan shafqatsiz va abadiy shamol - tramontana haqida xuddi telbalik urug‘lari miyalari qadalgandek o‘ylashni to‘xtatmaydilar.
  Taxminan o‘n besh yil oldin men va mening oilam to tromantana bilan yuzma-yuz kelmagunimizcha, doimiy ravishda Kadakeshda sayohat va dam olishga kelganmiz. Ochig‘i oxirgi bor kelishimda yakshanba kuni, tush vaqtidagi dam olish mahalida menda g‘alati tushunarsiz tuyg‘ular paydo bo‘ldi: nimadir sodir bo‘ladi deb o‘yladim men. Kayfiyatim darhol tushdi, qandaydir xafagarchilik paydo bo‘ldi, o‘g‘illarim, menimcha to‘ng‘ichim - u hali o‘n yoshga to‘lmagandi, men bilan urushgani uchun uyga kirmay tashqari hovlida aylanib yurardi. Tez orada eshik va derazalarni mustahkamlash uchun asboblari va kema arqoni bilan kelgan xo‘jalik ish yurituvchisi meni bu ahvolimdan hayron bo‘lmadi.
   Ertasi kunning so‘ngiga kelib, bizga bu dahshatli shamol hech qanday tartibsizlik emas, aksincha, shaxsiy falokat bo‘lib tuyuldi: kimdir buni bizga, ha, faqat bizga yuborgandi. Xo‘jalik ish yurituvchisi kuniga bir necha marotaba bizni holimizdan xabar oldi, u kayfiyatimizdan xavotirlanib, bizga iste’mol uchun hatto mevalar keltirdi.
Seshanba kuni tushdan keyin u bizga kataloniya oshxonasining durdonasi - dengiz mollyuskasidan tayyorlangan taom tortiq etdi. Bu dahshat ichidagi bayram edi. Shamoldan boshqa hech narsa bo‘lmagan chorshanba hayotimdagi eng uzun kunlardan bo‘ldi. Shundan so‘ng g‘ayriodatiy narsa sodir bo‘ldi, xuddi tong otgandek, yarim tunda biz hammamiz birvarakayiga uyg‘onib ketdik. Xuddi o‘lim oldidagi jimlik kabi edi bu lahzalar. Deraza oldidagi daraxtlarda birorta ham barg hatto shitirlamasdi. Shunday paytda, qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin biz yana ko‘chaga chiqdik, xo‘jalik ish yurituvchisining eshik oldidagi qo‘riqchilik xobgohida hali chiroq yoqilmagandi. Hali tong oqarmagan damda, yulduzlar yonib turgan osmon ostida dengizning nigohiga hayrat bilan boqdik. 
   Hali soat besh bo‘lmagan esa-da, sohil havosining najib mayinliklaridan bahramand bo‘lish uchun qirg‘oq qumloqlarida anchagina sayyohlar yig‘ilgandi, alalxusus ular birinchi yelkanli qayiqlarda dengizga borishga tayyorgarlik ko‘rishardi.
  Uydan chiqqanimizda xo‘jalik ish yurituvchisining xobgohini qorong‘uligi bizga g‘alati tuyilmagandi. Ammo biz qaytib kelganimizda havo xuddi dengiz kabi porlab turar va uning xobgohida hamon chiroq yoqilmagandi. Men hayron bo‘lib taqqillatdim, hech kim javob qilmagach, eshikni itarib ochdim. Bolalar uni mendan oldin ko‘rishdi va qo‘rquvdan baqirib yuborishdi. Xo‘jalik ish yurituvchisi - keksa eshik qo‘riqchisi, dengiz ko‘ylagining etaklarini osiltirgancha, tramontananing oxirgi zarbasidan jon taslim qilgandi...
   Hali to‘liq tiklanib olmagan bo‘lsakda, vaqtidan oldin shu qadar zerikib ketganimiz tufayli, biz bu yerga boshqa hech qachon qaytib kelmaslik sharti bilan shaharni muddatidan oldin tark etdik. Sayyohlar yana ko‘chalarni to‘ldira boshladi, vetiranlar petank to‘plarini o‘ynash uchun yana maydonlarga to‘plana boshladi, oromijon musiqalar yana yangray boshladi. "Maritim" barining gard qo‘ngan oynasi orqali biz tramontanadan tirik qolgan odamlarning xuddi bahordagi maysalar singari yangidan yashay boshlaganini ko‘rdik. Endi esa bularning barchasi o‘tmishga tegishli.
  Menga "Bokkachio"da sodir bo‘lgan o‘sha qayg‘uli voqea bularni esimga tushirgandi. Qo‘shiqchining Kadakeshdagi taqdirini mendan boshqa hech kim tushuna olmadi. Uning shvedlar bilan borishdan bosh tortishini sababi u o‘sha yerda o‘lishi mumkinligiga ishongandi. Biroq shvedlarni fikridan qaytarishni iloji bo‘lmadi, ular uni qo‘yarga-qo‘ymay zo‘rlik bilan olib ketishdi va tramontananing asossizligiga ishonishdi. Ular mast bo‘lgani tufayli uni mashinaga deyarli tepib kiritishdi va ikki lagerga bo‘lingan kabaretchilarning qarsaklari va masxaralari ostida u Kadakeshga uzoq safarga jo‘nab ketdi. 
  Ertasi kuni ertalab meni telefon qo‘ng‘irog‘i uyg‘otib yubordi. Ziyofatdan qaytganimdan so‘ng, pardalarni tortishni unutib qo‘ygandim, soat necha ekanligini ham bilmasdim, ammo uyg‘onib ketganimda yozning porloq kuni allaqachon yoyilib ketganligini ilg‘adim. Qo‘ng‘iroq qilgan qo‘rqinchli ovozni dastavval taniy olmadim, ammo u meni tezda sergaklantirdi:
- Kecha Kadakeshda olib ketilgan yigitni eslaysizmi? - dedi u.
Men uni yaxshi tinglay olmadim. Shunga qaramay, hamma narsa men xohlagandek emas, balki dramatik tarzda sodir bo‘lgandi. Shvedlar bilan borishdan bosh tortgan yigit, ular chalg‘igan paytda, mashinadan tushib qochishga harakat qiladi, biroq to‘g‘ri jarlikka qulab ketadi.
1982.
Rus tilidan Sherzod Komil Xalil tarjimasi